14/04/2026
Yo‘qotishdan qochish nima?
Yo‘qotishlar teng miqdordagi yutuqlarga qaraganda ko‘proq e'tiborni tortadi.

Yo‘qotishdan qo‘rqish (Loss Aversion)
Biz egalik qilayotgan narsalarni yo‘qotishni yoqtirmaymiz. Qo‘limizdagi buyumlarga kuchli hissiy bog‘lanib qolamiz va ulardan voz kechish bizda xavotir uyg‘otadi. Qizig‘i shundaki, qancha ko‘p narsaga ega bo‘lsak, shuncha zaifroq bo‘lib qolamiz. Chunki boylik ortishi bilan yo‘qotishimiz mumkin bo‘lgan narsalar ham ko‘payadi. Biroq, vaziyatga boshqacha nuqtai nazardan qarash kabi hissiyotlarni boshqarish usullari yo‘qotishdan qo‘rqishni kamaytirishi va noto‘g‘ri qarorlardan qochishga yordam berishi mumkin.
Nega yo‘qotishdan bunchalik qo‘rqamiz?
Yo‘qotishdan qo‘rqish juda kuchli hissiyotdir. Yo‘qotishlarga nisbatan salbiy munosabat, asosan, qo‘rquv va xavotir kabi hissiyotlar bilan bog‘liq. Boshqacha aytganda, yo‘qotishdan qochish — qo‘rquvning bir ko‘rinishidir.
Shuning uchun ham biz muvaffaqiyatlardan ko‘ra muvaffaqiyatsizliklarga ko‘proq e'tibor qaratamiz. Masalan, tanqid maqtovga qaraganda kuchliroq ta'sir qiladi. Bir vaqtlar Charles Darwin shunday degan edi:
"Har bir inson tanqidni maqtovdan ko‘ra kuchliroq his qiladi."
Yo‘qotish va yutuq bir xil emas
Biz 10 dollar topganimizdan ko‘ra, 10 dollar yo‘qotganimizda ko‘proq xafa bo‘lamiz. Tadqiqotlarga ko‘ra, yo‘qotishning og‘rig‘i yutuqning quvonchidan taxminan ikki baravar kuchliroq.
Shu sababli oilaviy munosabatlarda bitta salbiy tanqidning ta'sirini qoplash uchun kamida beshta ijobiy va mehribon fikr kerak bo‘ladi.
Iste'molchilar xatti-harakatlarida yo‘qotishdan qochish
Bu hodisa xaridorlarning xatti-harakatlarida ham kuzatiladi. Odamlar narx oshishiga narx tushishidan ko‘ra kuchliroq javob qaytaradilar.
Masalan, tuxum narxi 10 foizga oshganda talab 7,8 foizga kamaygan, ammo narx 10 foizga tushganda talab atigi 3,3 foizga oshgan.
Pitsa tajribasi
Bir tadqiqotda iste'molchilarga ikki xil vazifa berilgan:
- Bir guruh oddiy pitsaga qo‘shimcha mahsulotlar qo‘shishi kerak edi.
- Ikkinchi guruh esa barcha mahsulotlar qo‘shilgan pitsadan ayrimlarini olib tashlashi kerak edi.
Natijada ikkinchi guruh tanlagan pitsalarda ko‘proq mahsulot qolgan. Chunki odamlar mavjud narsadan voz kechishni yo‘qotish sifatida qabul qiladilar.
Kattaroq uyga o‘tish va keyinchalik qisqartirish
Ko‘pincha odamlar kattaroq uy yoki yangi mashina sotib olayotganda:
"Agar pul yetmasa, keyinroq kichikrog‘iga o‘tamiz."
deb o‘ylaydilar.
Ammo amalda kichikroq uyga ko‘chish psixologik jihatdan juda og‘riqli bo‘ladi. Boy odamlar ham bundan mustasno emas. Ular uchun boylikning bir qismini yo‘qotish hissi yangi boylik orttirish quvonchidan kuchliroq bo‘ladi. Shu sababli boy insonlar ham ko‘pincha xavotirli va himoyasiz his qiladilar.
G‘oyalarga egalik qilish
Egalik faqat moddiy narsalar bilan cheklanmaydi. Bu g‘oyalarga ham tegishli.
Masalan, siyosiy yoki sportga oid qarashlarimizni o‘zimizniki deb bilganimizdan so‘ng, ularni asl qiymatidan ham yuqori baholay boshlaymiz. Shuning uchun bahsda yutqazishni yomon ko‘ramiz.
Biroq bu holat bizni boshqalarning aslida yaxshiroq bo‘lishi mumkin bo‘lgan g‘oyalarini rad etish xavfiga olib keladi.
Munosabatlar va yo‘qotishdan qo‘rqish
Odamlar o‘z juftlari bilan qancha uzoq vaqt birga yashasalar, ulardan voz kechish shunchalik qiyinlashadi. Hatto munosabatlardan baxtsiz bo‘lsalar ham, ajralish ularga juda og‘ir tuyulishi mumkin.
Xulosa
Yo‘qotishdan qochish kundalik iqtisodiy hayotning muhim qismidir. Bu g‘oya shuni ko‘rsatadiki, odamlar o‘zlarida mavjud bo‘lgan narsalarni saqlab qolishga moyildirlar va o‘zgarish uchun juda kuchli sabab kerak bo‘ladi.
Bu hodisa inson psixologiyasidagi status-kvo tarafkashligi (mavjud holatni afzal ko‘rish) bilan bog‘liq. O‘zgarish haqida o‘ylaganimizda, ko‘pincha nimaga erishishimiz mumkinligini emas, balki nimani yo‘qotishimiz mumkinligini ko‘proq hisobga olamiz.
Buning yechimi nima?
Birinchi qadam — bu hodisadan xabardor bo‘lishdir. Muammoni bilish unga qarshi kurashishni osonlashtiradi.
Masalan, uyingizdagi ortiqcha buyumlarni saralayotgan bo‘lsangiz, o‘zingizga quyidagi savolni bering:
"Agar bu buyum menda bo‘lmaganida, uni sotib olish uchun qancha pul to‘lashga tayyor bo‘lardim?"
Nuqtai nazarni o‘zgartirish ko‘pincha aniqroq qaror qabul qilishga yordam beradi.
Stoik falsafasining tavsiyasi
Stoiklar shunday maslahat beradilar: agar qadrli inson yoki buyumni yo‘qotgan bo‘lsangiz, go‘yoki siz uni hech qachon tanimagan yoki unga ega bo‘lmagan kabi tasavvur qilishga harakat qiling.
Aksincha, agar qo‘lingizdagi narsalardan zerikkan bo‘lsangiz, ularni yo‘qotib qo‘yganingizni tasavvur qiling. Bu usul sizda bor narsalarning qadriga yetishga yordam beradi va "qo‘shnining bog‘i doim yashilroq" degan hissiyotning oldini oladi.
Tarjimon: Dilshodjon Hamidullayev
Tahrirchi: Umid Abdumuratov
Manbaa: Psychology Today
